2026-yil 23-iyul kuni Koreya Respublikasining Seul shahrida Government-to-Business (G2B) formatidagi biznes uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Toshkent shahri delegatsiyasi tarkibida “Yangi Avlod” Maxsus sanoat zonasi vakillari ham faol ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Korea Export-Import Association (KOEIA) rahbariyati va Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari vakillariga Toshkent shahrining investitsiya salohiyati, shuningdek, “Yangi Avlod” Maxsus sanoat zonasi hududida investorlar uchun yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar taqdim etildi.
Tomonlar sanoat, logistika, farmatsevtika, kosmetika, sun’iy intellekt, suv texnologiyalari va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Forum doirasida koreyalik ishbilarmonlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
“Yangi Avlod” Maxsus sanoat zonasi xalqaro investorlar bilan hamkorlikni izchil kengaytirib, O‘zbekistonda zamonaviy sanoatni rivojlantirish va qulay investitsiya muhitini mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.