DP World Tashkent YASIZ hududida yuk terminali loyihasini taqdim etdi
DP World Tashkent tomonidan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi (YASIZ) hududida barpo etilishi rejalashtirilayotgan DP World Tashkent Freight Terminal yuk terminali loyihasiga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda “Yangi avlod” MSZ rezidentlari, loyiha tashabbuskorlari hamda hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.
Taqdimot davomida loyiha konsepsiyasi, yaratilayotgan infratuzilma va ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Yuk terminalining asosiy ustuvor yo‘nalishi YASIZ rezidentlariga xizmat ko‘rsatish hamda ularning ishlab chiqarish faoliyati uchun samarali logistika tizimini yaratishdan iborat.
DP World Tashkent Freight Terminal loyihasi zamonaviy konteyner temiryo‘l terminali, yuk terminali, bojxona posti, 220 ming kvadrat metr maydonga ega ombor majmuasini barpo etish hamda tegishli logistika xizmatlarini tashkil etishni nazarda tutadi.
Mazkur loyiha logistika samaradorligini oshirish, yetkazib berish zanjirlarini tezlashtirish hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.